Oʻzbekiston va Fransiya qurilish va uy-joy kommunal xizmatlari sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Fransiya qurilish va uy-joy kommunal xizmatlari sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ualid Fuk bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ikki davlat o‘rtasida shakllangan do‘stona va strategik sheriklik munosabatlari, xususan, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Fransiya rahbarlari o‘rtasidagi ochiq muloqot va o‘zaro ishonchga asoslangan aloqalar amaliy hamkorlikni izchil kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Fransiya kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotida, jumladan, infratuzilma va kommunal sohada faol ishtirok etayotgani qayd etildi.
Xususan, “SUEZ” kompaniyasi bilan Toshkent shahrida ichimlik suvi ta’minoti tizimini boshqarish yo‘nalishida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha istiqbolli loyihalar ustida ish olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida vazir O‘zbekiston Fransiya kompaniyalari uchun ochiq, ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida barcha zarur shart-sharoitlarni taqdim etishini ta’kidladi hamda yirik fransuz investorlarini mamlakatda amalga oshirilayotgan muhim loyihalarda, jumladan, “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish loyihasida faol ishtirok etishga taklif etdi.