Oʻzbekiston va Fransiya qoʻshma ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 4-noyabr kuni Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Valid Fuk hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Fransiya Iqtisodiyot va moliya vazirligining vakili – Iqtisodiy xizmat boshlig‘i Yan Koshinskiy, Fransiya taraqqiyot agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Olivye Grandvoinet hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Davronjon Adilov, “UzAssets” AJ boshqaruvi raisi Bobur Abdinazarov va boshqa mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda manfaatli aloqalarini rivojlantirish, hamkorlikni yanada mustahkamlash, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish hamda kelgusida samarali loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, muhokamalar jarayonida tomonlar quyidagi yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi:
sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar;
suv resurslarini samarali boshqarish, ichimlik suvi ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va bu yo‘nalishdagi tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
energetika sohasidagi hamkorlik, jumladan, elektr energiyasi yetkazib berish sohasidagi loyihalarda hamkorlik olib borish;
transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish.
Muzokaralar yakunida tomonlar iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish, mavjud aloqalarni amaliy natijaga yo‘naltirilgan yangi tashabbuslar bilan boyitish bo‘yicha kelishuvga erishdi.