Oʻzbekiston va Erbil qoʻshma biznes kengashini tuzishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Erbil qoʻshma biznes kengashini tuzishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24 dekabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Iroq Respublikasiga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida Erbil Savdo-sanoat palatasi prezidenti Gailan Hoji Said bilan uchrashdi.
Erbil — Iroqning Kurdiston avtonomiyasida joylashgan bo‘lib, aholisi 3 milliondan ortiq. Viloyat mintaqaning eng qadimiy va shu bilan birga jadal rivojlanayotgan iqtisodiy, savdo va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur uchrashuv ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash, yangi ishbilarmonlik tashabbuslarini rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Iroq, xususan Kurdiston mintaqasi o‘rtasidagi savdo-sanoat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, biznes tashriflar va qo‘shma tadbirlar tashkil etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida tomonlar o‘rtasida ilk bor anglashuv to‘g‘risida memorandum imzolanib, O‘zbekiston-Erbil Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Mazkur hamkorlik ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni o‘rnatishga xizmat qiladi.