Oʻzbekiston va Belarus 2030-yilgacha sanoat hamkorligi boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Belarus 2030-yilgacha sanoat hamkorligi boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shu yilning 23-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Xurram Teshabayev hamda Belarus Respublikasi sanoat vaziri o‘rinbosari Denis Bakei o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar qo‘shma loyihalarning amalga oshirilish jarayonini ko‘rib chiqdilar, sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha navbatdagi choralarni muhokama qildilar hamda 2030-yilgacha mo‘ljallangan sanoat hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish rejalari yuzasidan fikr almashdilar.
Parrandachilik loyihalari, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish hamda kabel mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, qo‘shma korxonalar faoliyatini kengaytirish va ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida Belarus kapitali ishtirokidagi 244 ta korxona, Belarus Respublikasida esa O‘zbekiston kapitali ishtirokidagi 229 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Ularning asosiy faoliyat yo‘nalishlari to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, qurilish materiallari va charm mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek savdo-vositachilik hamda transport-ekspeditorlik xizmatlarini qamrab oladi.