Oʻzbekiston va Bangladesh vazirlari oliy taʼlimda hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Bangladesh Respublikasi Taʼlim vaziri Choudxuri Rafiqul Abrar bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasidagi oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi. Alohida eʼtibor qoʻshma taʼlim dasturlari, ilmiy loyihalar, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi imkoniyatlariga qaratildi.
Uchrashuvda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Bangladesh oliy taʼlim muassasalari bilan muvaffaqiyatli aloqalar oʻrnatgani, esa kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilishi qayd etildi.
Ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy konferensiyalar va seminarlar tashkil etish, shuningdek startap loyihalar va texnoparklar orqali innovatsion ekotizimni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar xorijiy talabalar uchun qulay taʼlim va yashash sharoitlari yaratish, shu jumladan Samarqand davlat universitetida tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, ijtimoiy va gumanitar fanlar, iqtisodiyot va menejment hamda turizm yoʻnalishlarida taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.