Oʻzbekiston va BAA kiberjinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va BAA kiberjinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 11-dekabr kuni Abu-Dabi shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev BAA ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Saeed Abdulloh al-Suvaidi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
S.al-Suvaidi ikki davlatlar o‘rtasida xususan, xavfsizlik sohasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik munosabatlarini yuqori baholadi.
Tomonlar o‘rtasida kiberjinoyatlar, terrorizm, transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish, xavfsizlik va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida hamkorlikda seminar-trening va xalqaro konferensiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilib kelinayotganligini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston fuqarolarini Amirliklar hududiga osonlashtirilgan tartibda kirib kelishlari uchun “UAE Fast-track” platformasi o‘zbek tomonidan ijobiy qabul qilinganligini olqishlab, uni tez fursatlarda joriy etishda zarur choralar ko‘rilishini bildirdi.
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, noqonuniy migratsiyaning oldini olish va ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Abu-Dabidagi elchixonada Ichki ishlar vazirligi vakili tayinlanishi tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.