Oʻzbekiston va Avstriya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik va texnologiyalar almashinuvini mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Avstriya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik va texnologiyalar almashinuvini mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov bugun Avstriya Moliya vaziri o‘rinbosari Andreas Rayxxardt boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, ilg‘or ishlab chiqarish uslublari, raqamli fermerlik, suvni tejashga qaratilgan yechimlar, iqlimga mos texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, bog‘dorchilik va sabzavotchilikni samarali yuritish, qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirish, sifat standartlarini takomillashtirish va qo‘shimcha qiymat yaratish zanjirini kengaytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Avstriyaning Austrian Agricultural Cluster (AAC) tashkiloti o‘rtasida agrar sohada hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan Memorandum imzolandi.
Besh yilga mo‘ljallangan mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasidagi strategik agrar sheriklikni chuqurlashtirish va innovatsion tajribalarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga tatbiq etishda yangi bosqichni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir.