Oʻzbekiston va Avstriya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Avstriya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Avstriya Respublikasining Federal moliya vaziri o‘rinbosari Andreas Rayxhardt bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston-Avstriya munosabatlarining izchil rivojlanib borayotganini qayd etdilar hamda sanoat, energetika, infratuzilma va texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirishga o‘zaro manfaatdorlik bildirdilar.
Avstriya ishbilarmon doiralari O‘zbekistonda bir qator istiqbolli loyihalarda ishtirok etayotgani, mamlakatimizdagi faoliyatini tobora kengaytirayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, yangi tarmoqlarda kooperatsiya qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Avstriya delegatsiyasining tashrifi doirasida o‘tkazilgan muzokaralar ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqish imkonini bergani qayd etildi.
Shuningdek, kelgusi ikki tomonlama tadbirlarni, jumladan Venada biznes-forum va Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini tayyorlashga doir tashkiliy masalalar muhokama qilinib, ular amaliy hamkorlikni yanada jadallashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.