Oʻzbekiston va AQSh qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan “C5+1” formatidagi sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abduraxmonov AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti (USDA) ilmiy tadqiqot, ta’lim va iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari doktor Skott Hatchins bilan uchrashdi.
Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, soya va paxta yetishtirish hamda qayta ishlash bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish, mahsulot eksportini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar agrar innovatsiyalarni rivojlantirish, ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish va qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirishdi.
Doktor Skott Hatchins O‘zbekistonda agrar sohada olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, AQSH tomonidan ilmiy, texnik va savdo yo‘nalishlarida aloqalarni yanada kengaytirishga tayyor ekanligini ta’kidladi.