Oʻzbekiston va Anadolu Isuzu Samarqand avtomobil zavodini rivojlantirish masalasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Anadolu Isuzu Samarqand avtomobil zavodini rivojlantirish masalasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 9-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Anadolu Isuzu” kompaniyasi Bosh ijrochi direktori Yusuf Tug‘rul Arikan bilan uchrashdi.
Suhbat davomida hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish jarayonlari hamda texnologiyalar transferi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar o‘tgan yilning dekabr oyida investor tomonidan aksiyalarining 75,2 foizi sotib olingan Samarqand avtomobil zavodini bosqichma-bosqich rivojlantirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar.
Qishloq xo‘jaligi uchun yangi turdagi avtotransport vositalari va maxsus texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, modellar turlarini kengaytirish hamda ishlab chiqarish hajmlarini oshirish rejalari ma’lum qilindi.
Ishlab chiqarish ichki bozor talabini ta’minlash bilan birga eksport yo‘nalishlarini kengaytirishga ham qaratilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar avtomobil sanoati sohasida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.