Oʻzbekiston va Afgʻoniston ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va bojxona hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Afgʻoniston ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va bojxona hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun Bojxona Qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov videokonferensiya tarzida Afg‘oniston bojxona xizmati raisi o‘rinbosari S.Abdulzoda bilan muloqot o‘tkazdi.
Onlayn uchrashuvda ikkala mamlakat o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik va faol hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan konstruktiv siyosat natijasida o‘zaro iqtisodiy aloqalar yanada mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.
Masalan, o‘tgan yilning o‘zida Afg‘oniston bilan tovarlarning tashqi savdosi 1,5 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 53 foizga oshdi.
Hozirda ikkala davlat o‘rtasidagi chegara bojxona postlari orqali harakatlangan fuqarolar soni 1,5 barobarga, avtotransportlar harakati 36 foizga, yukli temir yo‘l vagonlari harakati 13 foizga oshgan.
So‘nggi yillarda Afg‘oniston bilan chegara oldi hududlardagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish maqsadida, afg‘on fuqarolari va biznes vakillari uchun “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.
O‘zaro tashqi savdo aylanmasining o‘sib borishi esa o‘z navbatida, bojxona sohasidagi hamkorlikni ham yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Shu maqsadda uchrashuvda ikkala davlat o‘rtasidagi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini yanada soddalashtirish va raqamlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Hozirda O‘zbekiston va Afg‘oniston bojxona xizmatlari o‘rtasida tovar va transport vositalarining harakati to‘g‘risida dastlabki axborot almashishni qayta yo‘lga qo‘yish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu esa o‘z o‘rnida tovarlarni bojxonaga kelgunga qadar tahlil qilib, keyinchalik importga soddalashtirilgan tartibda chiqarish imkoniyatini beradi.
Uchrashuvda O‘zbekistondan eksport qilinayotgan tovarlarni Afg‘onistonda importga rasmiylashtirishda yuzaga kelayotgan ayrim muammolar ham ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita Raisi Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy maqomiga ega bo‘lgan Markaziy bojxona laboratoriyasida Afg‘oniston bojxona xizmati xodimlarini ekspertiza va tovarlarni tasniflash yo‘nalishida bepul o‘qishlarini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi.