Oʻzbekiston va Afgʻoniston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Afgʻoniston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiyaning Qobul shahriga xizmat safari doirasida Afg‘oniston Bosh vazirining ijtimoiy soha bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Hanafiy bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda farmatsevtika sohasida kooperatsiyani rivojlantirish, dori vositalari va tibbiy mahsulotlar importi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, Afg‘oniston farmatsevtika bozori hajmi taxminan 1 mlrd. AQSH dollarini tashkil etishi qayd etildi. Shu bilan birga, Afg‘oniston aholisini sifatli va arzon narxlardagi dori vositalari bilan taʼminlashda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining imkoniyatlari yuqori ekani taʼkidlandi.
Tomonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining sifatiga bo‘lgan ishonch yuqori ekanini alohida qayd etib, ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish muhimligini taʼkidladilar.
Shuningdek, afg‘on korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda farmatsevtika mahsulotlari importini tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish istiqbollari muhokama qilindi.