Oʻzbekiston va Afgʻoniston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Afgʻoniston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Afgʻoniston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiya Qobul shahrida Afg‘onistonning Dori vositalari va oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi (AFDA) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistondan Afg‘onistonga farmatsevtika mahsulotlari eksporti jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar muhokama qilindi. Xususan, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarining uzoq davom etayotgani asosiy to‘siqlardan biri sifatida qayd etildi.

Agentlik direktori tomonidan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Jumladan: O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarini Afg‘onistonda targ‘ib qilish maqsadida “showroom” tashkil etish, mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Afg‘onistonda o‘tkaziladigan davlat xaridlarida (tenderlarda) ishtirokini taʼminlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va eksport hajmini oshirish.

Shuningdek, Afg‘onistonning yirik farmatsevtika distribyutorlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahsulot nomenklaturasini keng targ‘ib etish hamda ikki tomonlama texnik ishchi guruh tashkil etish taklif etildi.

Tomonlar mazkur tashabbuslar doirasida o‘zaro axborot almashuvini kuchaytirish, mavjud muammolarni tezkor hal etish va istiqbolda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishish muhimligini alohida taʼkidladilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling