Oʻzbekiston transport sohasida yangi avlod davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surmoqda
Oʻzbekiston transport sohasida yangi avlod davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda "DXSH bo‘yicha III davra suhbati – Davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy kapitalni mobilizatsiya qilish" tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida vazir o‘rinbosari Jasurbek Choriyev mamlakat transport tizimiga xususiy investitsiyalarni jalb etmay turib, uni barqaror rivojlantirib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Ayni shu jihatni inobatga olgan holda mazkur tadbirdan asosiy maqsad shaffof va o‘zaro manfaatli davlat-xususiy sheriklik orqali sohaga xususiy kapitalni jalb qilish va ushbu yo‘nalishda hukumat, investorlar, operatorlar va moliya institutlari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ekanligini ma’lum qildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston aviatsiya, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va avtomobil yo'llari qurilishida yangi imkoniyatlar yaratib, xalqaro investorlar uchun zamonaviy, qulay va shaffof bo‘lgan muhitni shakllantiryapti.
Ishtirokchilarga yangi loyihalari taqdim etildi: Yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish va mintaqaviy aeroportlarni modernizatsiya qilishdan tortib, Toshkent – Andijon va Toshkent – Samarqand pullik avtomobil yo‘llarini qurishgacha.
Toshkent – Samarqand tezyurar temir yo'l magistrali loyihasini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu loyiha yo‘l vaqtini 90 daqiqagacha qisqartirish va poytaxtni kelajakdagi yangi aeroport bilan bog‘lash imkonini beradi.