Oʻzbekiston taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — YUNESKOning Bosh ofisida o‘tkazilayotgan “2026-yilgi Global Taʼlim Monitoringi (GEM)” tadbirlari doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ishtirokida qator hamkorlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Xususan, YUNESKO Bosh direktorining ta’lim bo‘yicha o‘rinbosari Stefania Jannini bilan Toshkentdagi II-toifali YUNESKO markazini amaliyotga joriy etish yo‘l xaritasi muhokama qilindi.

Unda ekspertlar missiyasini yuborish, hamkorlikda xalqaro konferensiya o‘tkazish va qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar kiritildi.

Xitoy Xalq Respublikasi ta’lim vaziri Xuay Jinpin bilan maktablar o‘rtasida hamkorlik va o‘quvchilar almashinuvi, sun’iy intellekt bo‘yicha hamkorlik memorandumi, pedagog kadrlar tayyorlashda birgalikda ishlash masalalari muhokama qilindi.

Turkmaniston ta’lim vaziri Jummamyrat Gurbangeldiyev bilan bo‘lgan muloqot davomida ta’lim sohasida mintaqaviy hamkorlik, olimpiadalar yo‘nalishida tajriba va o‘quvchilar almashinuvi haqida so‘z bordi.

Ozarbayjon fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Hasan Hasanli bilan maktabgacha ta’lim sohasida qo‘shma dasturlar, o‘qituvchilar almashinuvi, sun’iy intellekt va STEM yo‘nalishidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida ikki vazirliklar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha 2027 – 2030-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni imzolash bo‘yicha kelishib olindi.

Saudiya Arabistoni Rejalashtirish vaziri o‘rinbosari Saad bin Abdul G‘ani al-G‘amdiy bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim sohasida tajriba almashishga yo‘naltirilgan qo‘shma dasturni ishga tushirish taklifi muhokama qilindi.

Mazkur taklif ijobiy qabul qilinib, kelgusida hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va mexanizmlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirilishga kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling