Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Abu-Dabida BAA tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari bilan uchrashdi
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Abu-Dabida BAA tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 11-dekabr kuni Abu-Dabi shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev BAA tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Omar Obaid al-Shamsi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida tomonlar o‘rtasida munosabatlarning hozirgi holati, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
O.al-Shamsi ikki davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy munosabatlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi aloqalarning asosi bo‘lib xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Bu borada O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning yanvar oyida Amirliklarga amalga oshirgan rasmiy tashrifini alohida ta’kidlab, u ikki tomonlama munosabatlarni strategik darajaga olib chiqqanini qayd etdi.
Uchrashuvda shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasida konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha fikr almashildi.
Suhbatdosh O‘zbekiston fuqarolarini Amirliklar hududida istiqomat qilishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishda hamkorlikka tayyorligini ma’lum qildi.
Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida konsullik maslahatlashuvlarni tashkil etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlab, bu borada tomonlar o‘rtasida ilk bor imzolanishi kutilayotgan Anglashuv memorandumi Amirliklar tomoniga ma’qulligini hamda mazkur hujjatni yaqin orada imzolashga tayyorligini ma’lum qildi.
Maslahatlashuvlarning birinchi davrasini 2026-yilning 1-choragida tomonlar uchun qulay fursatlarda o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.