Valyuta kurslari 02/12/2025
$1 – 11895.57
UZS – -0,38%
€1 – 13826.22
UZS – 0,08%
₽1 – 152.98
UZS – 0,2%
Qidirish
Oʻzbekiston suveren obligatsiyalari “Yilning eng yaxshi obligatsiyasi” deb topildi

Oʻzbekiston suveren obligatsiyalari “Yilning eng yaxshi obligatsiyasi” deb topildi

Oʻzbekiston suveren obligatsiyalari “Yilning eng yaxshi obligatsiyasi” deb topildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 25–26-noyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida “Bonds, Loans & ESG Capital Markets - CEE, Central Asia & Turkiye” forumi boʻlib oʻtdi. Forumda 38 ta davlatdan 1200 dan ziyod kapital bozori ishtirokchilari (investorlar, emitentlar, banklar, reyting agentliklari, yuridik va moliyaviy konsultantlar) qatnashdi.

Forum doirasida boʻlib oʻtgan bir nechta panel sessiyalarida mintaqadagi moliya bozorlarining rivojlanishi, “ESG” tamoyillarini joriy etish, davlat qarzi bilan bogʻliq siyosat, korporativ xalqaro obligatsiyalar bozorining istiqbollari va xalqaro investitsiya oqimlarining yangi tendensiyalari muhokama qilindi.

Ushbu panel sessiyalarida Oʻzbekiston, Albaniya, Polsha, Slovakiya, Ruminiya, Sloveniya, Vengriya kabi davlatlarning yuqori darajali hukumat hamda AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarining investitsiya banklari, yuridik firmalar, reyting agentliklari va investitsiya jamgʻarmalarining rahbar darajasidagi vakillari ishtirok etishdi.

Taʼkidlash joizki, forumning panel sessiyalaridan biri Oʻzbekistonga bagʻishlandi. Xususan, “Yangi Ipak yoʻli: Oʻzbekiston soʻnggi yillardagi oʻsishdan foydalanib, Markaziy Osiyoda yetakchilik qila oladimi?” mavzusidagi sessiya Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Karshibayev, “Finasia Capital” kompaniyasi bosh direktori Odilbek Isakov, “Navoiyuran” DK bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Xasan Xaydarov hamda “Standard Chartered” ijrochi direktori Fey Dryu, “Emirates NBD” bosh direktori Mert Poyraz kabi xorijiy investitsiya banklari rahbarlari ishtirokida oʻtkazildi.

Bunda, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, makroiqtisodiy holat, xalqaro moliya bozoridagi faol ishtiroki va davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonlari keng muhokama etildi.

Xususan, 2025-yildagi murakkab xalqaro muhitga qaramay, mamlakat iqtisodiyoti kuchli oʻsish surʼatlarini koʻrsatishda davom etayotgani xorijiy hamkorlar tomonidan yuqori baholandi.

Shu bilan birga, forum doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari investitsiya banklari (Citi, Deutsche Bank, Emirates NBD, First Abu Dhabi Bank, KFH Capital), reyting agentliklari (S&P, Moodyʻs, Fitch) va yuridik firma (Latham&Watkins) bilan yakkama-yakka uchrashuvlar orqali kelajakdagi hamkorliklar yuzasidan muhokamalar amalga oshirildi.

Forum soʻnggida “Global Banking & Markets” tomonidan 2025-yil fevral oyida milliy valyutada chiqarilgan Oʻzbekiston suveren xalqaro obligatsiyalari Suveren mamlakatlar, xalqaro moliya institutlari va agentliklar orasida “Yilning eng yaxshi milliy valyutadagi obligatsiyasi” nominatsiyasida gʻolib deb topildi.

Maʼlumot uchun: Ushbu tranzaksiya xorijiy investitsiya banklari tomonidan Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika (CEEMEA) mintaqasida soʻnggi oʻn yil ichida hamda MDH hududida amalga oshirilgan eng yirik tranzaksiya sifatida qayd etilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling