Oʻzbekiston Senati Qirgʻiziston va Tojikiston bilan chegaralarni tenglashtirish toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 11-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida uch davlatning davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnomani (Xo‘jand, 2025-yil 31-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mazkur Shartnoma Markaziy Osiyodagi uch qo‘shni davlat — O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston — davlat chegaralari tutashgan nuqtasini aniq belgilab, uning huquqiy asoslarini xalqaro hujjat darajasida mustahkamlaydi hamda qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalarini hal etishda izchil va huquqiy asoslangan yondashuvni aks ettiradi.
Maʼlumki, ushbu tarixiy Shartnoma Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha tashabbuslari va saʼy harakatlari bilan imzolangan edi.
Hujjat uch tomonlama kelishuvlarni institutsional darajada mustahkamlab, mintaqada huquqiy aniqlikni taʼminlash hamda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, yaxshi qo‘shnichalik va do‘stlikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan.
Muhokamada so‘zga chiqqan senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Shartnoma Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, qardosh xalqlar o‘rtasidagi ishonch va do‘stlik rishtalarini mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.