Oʻzbekiston Senati oltin va zargarlik buyumlari muomalasi ustidan nazoratni kuchaytirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyuta hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun muhokama etildi.
So‘nggi yillarda qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi sohasida yuzaga kelgan huquqiy bo‘shliqlar ushbu Qonunning qabul qilinishiga sabab bo'ldi. Xususan, 2019 yilda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilinganida "valyuta qimmatliklari" tushunchasidan qimmatbaho metall va toshlar chiqarib tashlangan edi. Bu esa sud-tergov amaliyotida ularning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq ishlarda javobgarlik masalasini ochiq qoldirgan.
Bu kabi huquqiy bo‘shliqlar “qora bozor”da noqonuniy muomala hajmining keskin oshishiga olib kelmoqda. So‘nggi 5 yilda qimmatbaho metall va toshlarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 100 dan ortiq holat aniqlanib, qariyb 50 mlrd so‘mlik oltin, kumush, olmos va zumradlar musodara qilingan. Qonunchilikdagi nomutanosibliklar qonuniy imtiyozlarga ega bo‘lgan 2 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlarining ham faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, "qora bozor"da 550-600 mln dollarlik tilla buyumlar norasmiy aylanmoqda, mustaqil oltin izlovchilar tomonidan topshiriladigan oltin hajmi 2020 yildagi 40 kilogrammdan 2023 yilga kelib 100 baravarga kamaygan.
Mazkur Qonun muhim o‘zgartirishlarni o‘z ichiga oladi.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, Qonun bilan Jinoyat kodeksining 177-moddasida hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasida qimmatbaho metallar va toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun aniq javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Tushunchalarga aniqlik kiritildi, xususan, qonunchilikka "qimmatbaho metallar" va "qimmatbaho toshlar" kabi yangi tushunchalar kiritilib, mavjud atamalar yangi tahrirdagi "Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiqlashtirilmoqda.
Majburiy sotuv uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, yaʼni Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasida valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan bo‘yin tovlaganlik uchun belgilangan maʼmuriy javobgarlik chiqarib tashlanmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida mazkur Qonunning qabul qilinishi qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi bilan bog‘liq qonun hujjatlarining bir xilda qo‘llanilishini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyat uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga alohida urg‘u berdi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.