Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Qirgʻiziston Biznes Assotsiatsiyasi hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Qirgʻiziston Biznes Assotsiatsiyasi hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxov Qirg‘iziston Respublikasining Bozorlar, savdo korxonalari va xizmat ko‘rsatish sohasi uyushmasi raisi Sergey Ponomaryov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qirg‘iziston Respublikasining mazkur uyushmasi 2006 yil 10 oktyabrda tashkil etilgan bo‘lib, savdo, bozorlar va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarni birlashtiradi. U tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Xususan, O‘zbekistondan Qirg‘izistonga tekstil mahsulotlari eksportini kengaytirish, shuningdek ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Qirg‘iziston ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini O‘zbekiston orqali uchinchi davlatlar bozorlariga eksport qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu tashabbus mintaqaviy savdo hamkorligini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashga kelishib oldilar. Mazkur kelishuv tadbirkorlar o‘rtasida aloqalarni kengaytirish, qo‘shma biznes tadbirlarini tashkil etish va ikki mamlakat ishbilarmonlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.