Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 01/05/2025 Oʻzbekiston Respublikasi Rotterdam konvensiyasi tomonlari konferensiyasining oʻn ikkinchi yigʻilishida ishtirok etmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Rotterdam konvensiyasi tomonlari konferensiyasining oʻn ikkinchi yigʻilishida ishtirok etmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 28 aprel kuni Shveytsariyaning Jeneva shahrida Rotterdam konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining o'n ikkinchi yig'ilishi (RC COP-12) boshlandi. Bu yig'ilish Bazel konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining o'n yettinchi yig'ilishi (BC COP-17) va Stokgolm konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining o'n ikkinchi yig'ilishi (SC COP-12) bilan ketma-ket tarzda 28 apreldan 9 maygacha davom etadi.

"Yashirin narsalarni ko'rinarli qilish: kimyoviy moddalar va chiqindilarni oqilona boshqarish" mavzusida o'tayotgan tadbir xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarning inson salomatligi hamda atrof-muhitga ko'rsatadigan jiddiy ta'siriga e'tiborni jalb qilishga qaratilgan.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, shuningdek, kimyoviy moddalarni boshqarish sohasidagi ekspertlar ishtirok etdi. O'zbekistonning bu muhim xalqaro forumdagi ishtiroki mamlakatning ekologik xavfsizlikni ta'minlash va aholining salomatligini himoya qilish bo'yicha sa'y-harakatlarga sodiqligini ta'kidlaydi.

Stokgolm va Bazel konvensiyalarining a'zosi bo'lgan O'zbekiston uchun ushbu konferensiyada ishtirok etish Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko'magida FAO bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi uchun alohida ahamiyatga ega.

"O'zbekistonning Kimyoviy konvensiyalar bo'yicha Tomonlar konferensiyasida ishtiroki xavfli kimyoviy moddalarni boshqarish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashish uchun muhim imkoniyat taqdim etadi", - dedi FAOning O'zbekistondagi vakili o'rinbosari Sherzod Umarov. "Biz amalga oshirayotgan qo'shma loyiha nafaqat Chiqindilarni boshqarishning milliy strategiyasini ishlab chiqish va qishloq xo'jaligidagi xavfli chiqindilar to'g'risida sifatli ma'lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi, balki O'zbekistonning Rotterdam konvensiyasiga qo'shilish masalasini ko'rib chiqish uchun zamin yaratadi, bu esa mamlakatning ekologik xavfsizligini oshirish yo'lidagi muhim qadam bo'ladi".

Yig'ilish doirasida Rotterdam konvensiyasining III ilovasiga asetoxlor, karbosulfan, xlorpirifos, xrizotil asbest va inson salomatligi hamda atrof-muhit uchun jiddiy xavf tug'diradigan boshqa moddalar kabi bir qator xavfli kimyoviy moddalarni kiritish masalalari ko'rib chiqilmoqda.

30-aprel kunining ikkinchi yarmida va 1-may 2025-yil ertalab o'tkaziladigan yuqori darajadagi yig’ilish Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalarini samarali amalga oshirish orqali atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o'zgarishi va biologik xilma-xillikning yo'qolishi kabi muammolarni hal qilish bo'yicha global strategiyalarni muhokama qilish uchun muhim imkoniyat taqdim etadi.

O'zbekistonning ushbu yig'ilishda ishtiroki mamlakatning Parij bitimi doirasidagi majburiyatlarini bajarish va resurslardan oqilona foydalanishga urg'u bergan holda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo'llab-quvvatlash bo'yicha milliy strategiyasining muhim qismi hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling