Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “SOCAR” va “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻrtasida mahsulot taqsimotiga oid Bitim imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 24-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻrtasida Ustyurt neft-gaz mintaqasidagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutuvchi mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi Bitim imzolandi.
Ushbu Bitim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uzoqni koʻra bilishi va qatʼiyatining yorqin dalilidir. Ularning siyosiy irodasi va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga boʻlgan shaxsiy intilishi mamlakatlar oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga imkon berdi. Bitimning imzolanishi Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi energetika sohasidagi sheriklikni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi hamda uglevodorod resurslarini qidirish va oʻzlashtirish sohasida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.
Bitim shartlariga muvofiq, 1,0 ming kvadrat kilometrdan kam boʻlmagan maydonda 3D seysmorazvedka ishlarini olib borish va natijalarga koʻra bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Sanoat ahamiyatiga ega uglevodorod konlari topilgan taqdirda, tomonlar ularni oʻzlashtirish va keyinchalik qazib olish bosqichiga kirishadilar.
Rovshan Nadjaf, SOCAR kompaniyasi prezidenti:“Ushbu Bitimning imzolanishi Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasida energetika sohasini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategiyamizning tasdigʻidir. SOCAR toʻplangan boy tajriba va ilgʻor texnologik yechimlarni qoʻllagan holda loyihani amalga oshirishga ishtiyoq bilan kirishmoqda. Ishonchimiz komilki, bu hamkorlik Oʻzbekistonning energetika xavfsizligini taʼminlash va infratuzilmasini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshadi”.
Joʻrabek Mirzamahmudov, Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri: “SOCAR bilan hamkorlik Yangi Oʻzbekistonning investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilish va eng ilgʻor xalqaro amaliyotlarni tadbiq etishga boʻlgan strategik intilishini aks ettiradi. Ustyurt hududi yuqori istiqbolga ega va mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitim (MTB)ning imzolanishi uning samarali rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Ushbu loyiha texnologik taraqqiyot va iqtisodiy oʻsishning muhim omili boʻlishiga ishonamiz”.
Bahodirjon Siddiqov, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi: “Ushbu bitim soha hamkorligini chuqurlashtirish va milliy neft-gaz tarmogʻini rivojlantirish yoʻlidagi muhim bosqichdir. Shuningdek, "Oʻzbekneftgaz" AJning xalqaro hamkorlik va yirik investitsiyalarga ochiq boʻlgan ishonchli va innovatsion yoʻnaltirilgan hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi”.
Mahsulot taqsimoti toʻgʻrisida Bitim (MTB) davlat va investor oʻrtasidagi shartnomaviy munosabatlarning alohida shakli boʻlib, bunda investor neft-gaz operatsiyalari, shu jumladan geologik-qidiruv ishlarini oʻtkazish, oʻzlashtirish va uglevodorodlarni qazib olishni amalga oshirishda mutlaq huquqqa ega boʻladi.
Sarmoyador sarflangan xarajatlarni qazib olingan resurslarning bir qismi (kompensatsiya mahsuloti deb ataladigan) hisobidan qoplaydi, qolgan daromadli mahsulot esa tomonlar oʻrtasida kelishilgan ulushlarda taqsimlanadi. Bunday model xavflar va daromadlarning adolatli taqsimlanishini taʼminlaydi, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimini koʻpaytiradi va ilgʻor texnologiyalarni mamlakatga kirib kelishiga yordam beradi.
SOCAR (State Oil Company of the Azerbaijan Republic) – Ozarbayjon Respublikasining milliy neft va gaz kompaniyasi boʻlib, u toʻliq ishlab chiqarish jarayonini amalga oshiradi: qidirish va qazib chiqarishdan tortib qayta ishlash hamda neft gaz mahsulotlarini tashish va sotishgacha. Kompaniya Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqdagi strategik loyihalarda ishtirok etib, xalqaro faoliyatini faol rivojlantirmoqda. SOCAR yuqori darajadagi korporativ masʼuliyatga ega, texnologik jihatdan ilgʻor va ishonchli hamkor sifatida oʻzini namoyon qilgan.
"Oʻzbekneftgaz" AJ Oʻzbekiston Respublikasining eng yirik davlat energetika kompaniyasi boʻlib, neft va gaz sohasidagi toʻliq jarayonlarni oʻz ichiga olgan loyihalarni amalga oshiradi: geologiya-qidiruv ishlari, burgʻilash, qazib chiqarish va qayta ishlashdan tortib, neft, gaz va gaz-kimyo mahsulotlarini tashish va sotishgacha. Kompaniya hissasiga mamlakatdagi umumiy tabiiy gaz qazib olish hajmining 60 foizdan ortigʻi toʻgʻri keladi. Oʻzbekiston doimiy ravishda dunyodagi eng yirik gaz ishlab chiqaruvchilar qatoridan oʻrin olib kelmoqda. “Oʻzbekneftgaz” AJ ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, xalqaro loyihalarni amalga oshirish va barqaror eksport va investitsiya strategiyasiga ega yuqori samarali integratsiyalashgan energetika kompaniyasi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga asosiy eʼtiborni qaratib kelmoqda.