Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Nyu-York shahar meri Erik Adams bilan uchrashdi
Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Nyu-York shahar meri Erik Adams bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Nyu-York shahri meri Erik Adams bilan uchrashib, raqamli iqtisodiyot, masofaviy bandlik, data-markazlar, kadrlar tayyorlash va autsorsing imkoniyatlari bo‘yicha keng qamrovli muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv avvalida IT Park taqdimoti o‘tkazilib, O‘zbekistonda zamonaviy raqamli ekotizimni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yoritildi. Shuningdek, vazir mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, kelgusidagi rejalar va erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Tashrif doirasida UZSOC va Yagona integrator UZINFOCOM faoliyati ham tanishtirildi.
Suhbat davomida O‘zbekistonda yangi bizneslar uchun yaratilgan qulay investitsion muhit va mavjud soliq imtiyozlari alohida ta’kidlandi. Shuningdek, mamlakat aholisi yiliga bir million nafardan ortiq ko‘payib borayotgani IT ta’limi sifatini yaxshilash va malakali mutaxassislar tayyorlashni strategik ustuvor vazifaga aylantirgani qayd etildi.
Suhbat davomida pandemiya global miqyosda masofaviy ish jarayonlarini tezlashtirgani, avtomatlashtirishning keng ko‘lamda joriy etilgani va buning O‘zbekiston uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochgani qayd etildi. O‘zbekiston aholisi ingliz, rus, arab, nemis, koreys va yapon tillarini bilishi xalqaro kompaniyalar uchun sezilarli afzallik ekani, bu esa global xizmat ko‘rsatish imkonini yaratayotgani qo‘shimcha qilindi.
Uchrashuvda AT xizmatlari, data-markazlar, logistika tizimlari, masofaviy xizmatlar va mobil platformalar bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonda yirik data-markazlar qurilayotgani, xorijiy kompaniyalar bilan ma’lumotlar almashinuvi bo‘yicha hamkorlik kengayib borayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar startap ekotizimini rivojlantirish, investorlar uchun yanada qulay sharoit yaratish va O‘zbekistonning xalqaro innovatsion markaz sifatidagi salohiyatini oshirish masalalarini ham muhokama qildilar. Mamlakatning ko‘p millatli va boy madaniy muhiti ijodkorlikni rag‘batlantirayotgani aytildi.
Yakunda vazir Sh. Shermatov va Erik Adams birgalikdagi loyihalarni sinovdan o‘tkazish, yangi texnologik yechimlarni joriy qilish hamda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.