Oʻzbekiston Qurilish vazirligi Xitoy qurilish sohasidagi yangiliklarni oʻrganmoqda
Oʻzbekiston Qurilish vazirligi Xitoy qurilish sohasidagi yangiliklarni oʻrganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shu kunlarda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Davronjon Adilov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻlib turibdi.
Safar doirasida delegatsiya "China CHoal Industry Engineering Chongqing Design Research Institute (Group)" CHo., Ltd. bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Mazkur institut 1953-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda Xitoydagi yirik kompleks muhandislik va loyihalash tashkilotlaridan biri hisoblanadi.
70 yillik faoliyati davomida u anʼanaviy tarmoq institutidan zamonaviy, raqamlashtirilgan va integratsiyalashgan muhandislik yechimlarini taklif etuvchi kompaniyaga aylangan.
Tashkilot tarkibida bir nechta shoʻba korxonalar, ixtisoslashgan institutlar va markazlar faoliyat yuritib, 1 800 nafardan ortiq mutaxassisni birlashtiradi.
Kompaniya arxitektura, kommunal xoʻjalik, energetika va ekologik yoʻnalishlarda 50 dan ortiq yuqori toifali litsenziyalarga ega boʻlib, Xitoyning 30 dan ziyod hududlarida hamda 20 dan ortiq davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan.
Uchrashuv davomida qurilish sohasida raqamlashtirish, jumladan, BIM texnologiyalarini joriy etish, “yashil” energetika, ekologik barqarorlik va muhandislik xizmatlarini kompleks tarzda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, kompaniya tomonidan amalga oshirilgan yirik ijtimoiy loyihalardan biri — "Jingshuang Districht Hospital of Chongqing Shapingba Districht People’s Hospital" misolida zamonaviy yondashuvlar taqdim etildi.
Mazkur shifoxona loyihasida qurilishning ilk bosqichidanoq BIM texnologiyasi qoʻllanilib, barcha yoʻnalishlar boʻyicha uch oʻlchamli modellashtirish, muhandislik tarmoqlarini muvofiqlashtirish va ehtimoliy ziddiyatlarni oldindan bartaraf etish imkoni yaratilgan.
Shuningdek, qurilish jarayonida “aqlli” tizimlar joriy qilinib, binoni avtomatlashtirish va tibbiy infratuzilmani raqamli boshqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Mazkur tajriba qurilish sohasida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, loyihalash va qurilish jarayonlarining samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.