Oʻzbekiston Qonunchilik palatasi uch davlat chegaralarining tutashgan joyi toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida uch davlatning davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnomani (Xo‘jand, 2025-yil 31-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qat’iy irodasi bilan so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasi tubdan o‘zgarib, yangi qiyofa kasb etdi. Konstruktiv muloqot, ishonch va har tomonlama hamkorlik maydoniga aylandi. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi. Bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan va o‘zaro manfaatli munosabatlarga tayangan Markaziy Osiyo vujudga keldi.
Bu borada, uch mamlakat o‘rtasida chegara masalalarining hal etilishi – o‘zaro hurmat, suverenitet, tenglik tamoyillariga asoslangan aynan ushbu ko‘p yillik mashaqqatli mehnat, samimiy muloqot va hamkorlik samarasidir. Ayni damda, ushbu shartnoma butun mintaqaning yaqinlashuvida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shartnoma 2025-yil 31-martda Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvida imzolangan. Unga ko‘ra, uch davlatning chegaralari tutashgan nuqtaning joylashuvi hamda tutashgan nuqta hududida davlat chegaralari chiziqlarining o‘tishi aniqlandi.
Mazkur shartnoma uch qardosh mamlakatlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlanishiga, butun Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro nufuzining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Shartnoma shuningdek, uch davlat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarning jadallashuviga, chegaradosh hududlar iqtisodiy hamkorligining kuchayishiga, chegaraoldi savdoning ortishiga, chegara hududlarda turli infratuzilmaviy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga mustahkam huquqiy asos bo‘ladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.