Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi turk mutaxassislari bilan qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi turk mutaxassislari bilan qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi departament boshlig‘i Jamoliddin Babaxanov Turkiya Respublikasidan tashrif buyurgan Turkiy dunyo muhandislari va me’morlari ittifoqi vakillarini qabul qildi.
Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, agrar sohada o‘zaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida, avvalo, agrar ta’limni rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish hamda ilmiy-amaliy tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, paxtachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, paxta yetishtirish samaradorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llash yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy sug‘orish tizimlarini barpo etish, yer unumdorligini oshirish va ekologik barqaror texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Bu yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, texnologik tajriba almashish hamda investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida agrar sohada hamkorlikni izchil davom ettirish, qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida qator uchrashuv va muzokaralarni tashkil etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.