Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Italiya kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdi
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Italiya kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” xalqaro forumi doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov tomonidan qator muhim uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, Italiyaning yirik “Bonifiche Ferraresi” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Patrik Ungaro bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar meva-sabzavotchilik, xususan pomidor yetishtirish, chorvachilikni rivojlantirish hamda chorva ozuqa bazasini mustahkamlash yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Vazir o‘z navbatida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan barcha zarur tashkiliy va amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini ta’kidlab, Jizzax va Buxoro viloyatlarida chorvachilik yo‘nalishida hamkorlik qilish uchun salohiyatli xo‘jaliklar mavjudligini qayd etdi.
Shuningdek, vazir Italiyaning yana bir nufuzli “Unitec” kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida kompaniyaning O‘zbekistonda bir qator korxonalar bilan hamkorlik qilib kelayotgani, zamonaviy texnika va texnologiyalarni yetkazib berishda faol ishtirok etayotgani alohida ta’kidlandi.
Bugungi kunda kompaniyaning 150 nafardan ortiq yuqori malakali muhandislari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy ishlarda faol qatnashayotgani qayd etildi.
Tomonlar o‘rtasida investitsion hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish mavjud ekani, shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Unitec” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi loyihasi ishlab chiqilgani hamda uni aynan forum doirasida imzolash rejalashtirilgani ma’lum qilindi.