Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri global zaytun forumida ishtirok etmoqda
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri global zaytun forumida ishtirok etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ispaniyaning tarixiy Kordova shahri bugun muhim xalqaro tadbirga mezbonlik qildi. Xalqaro Zaytun Kengashining 122-sessiyasi “Palacio de la Merced” majmuasida gibrid formatda o‘tkazilib, unda IOCga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar hamda soha ekspertlari ishtirok etdi. Ushbu yirik anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etdi.
Sessiya davomida a’zolar vakolatlarini tasdiqlash, 2025–2026-yillar uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, xalqaro kelishuvlar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish, moliyaviy hisobotlar, bank harakatlari va 2026-yilga mo‘ljallangan qaror loyihalarini muhokama qilish kabi qator masalalar ko‘rib chiqildi.
IOC Ijro direktori Jayme Lillo yig‘ilishda zaytunchilik bozoridagi global o‘zgarishlar, iqlim sharoitining keskinlashuvi fonida barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash zarurati va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
O‘zbekistonning ushbu sessiyadagi ishtiroki, avvalo, zaytunchilik yo‘nalishida xalqaro tajribani o‘rganish, zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, mahsulot sifatini jahon standartlariga moslashtirish hamda mintaqaviy va global hamkorlikni kuchaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda muhim ahamiyat kasb etdi.
Delegatsiya ishtiroki orqali mamlakatimiz nafaqat xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamladi, balki sohada olib borilayotgan islohotlarni jahon tendensiyalari bilan uyg‘unlashtirishga tayyorligini ham namoyon qildi.
Xalqaro Zaytun Kengashining 122-sessiyasi zaytunchilikda innovatsiyalar, barqarorlik va samaradorlik tamoyillarini belgilab bergan muhim muloqot maydoni bo‘ldi. O‘zbekiston esa ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishga, zaytunchilikning milliy rivojlanish dasturlarini xalqaro tajriba bilan boyitishga va sohani yangi bosqichga olib chiqishga intilayotganini yana bir bor tasdiqladi.