Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston Xitoy bilan sinov yuk tashish yoʻlagini ishga tushirdilar
Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston Xitoy bilan sinov yuk tashish yoʻlagini ishga tushirdilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “UTK International Logistics Co. Ltd.” Oʻzbekiston-Xitoy kompaniyasi Xitoydan Tojikistonga birinchi blok poyezdini yoʻlga qoʻydi, deb xabar beradi “UztemirYulKonteyner” matbuot xizmati.
Mazkur poyezd tarkibi xalq iste’moli mahsulotlari hamda qurilish texnikasi yuklangan 8 ta 40 futlik konteynerdan iborat bo‘lib, u Lanchjou stansiyasidan jo‘nab, "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Tojikiston" multimodal transport koridori orqali Dushanbe-2 stansiyasiga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Yo‘nalishning umumiy masofasi 3 500 kilometrdan ortiqni tashkil etib, yuklarni yetkazishning tranzit muddati esa 18–20 kun etib belgilangan.
“O’zbekiston temir yo’llari” AJning logistika sohasidagi tashabbuslarni qo’llab-quvvatlashi natijasida ushbu multimodal yo’nalish bo’ylab tarif imtiyozlari o’rnatilgan.
Ushbu pilot loyiha esa kompaniyaning Xitoy – Markaziy Osiyo yo‘nalishida barqaror va muntazam konteyner tashuvlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy salohiyatini tasdiqlaydi.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ xalqaro logistika zanjirlarini kengaytirish, yangi transport koridorlarini rivojlantirish hamda hamkorlar uchun ishonchli va samarali tashuv xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha faoliyatini izchil davom ettiradi.