Oʻzbekiston Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifi yakunlandi
Oʻzbekiston Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifi yakunlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbari Yaponiya poytaxtida mamlakat Imperatori Naruxito, Bosh vaziri Sanae Takaichi, Parlamentning ikki palatasi rahbarlari, parlamentdagi Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi faollari, hukumat aʼzolari, Nara shahri meri hamda yetakchi oliygohlari rektorlari bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlik va koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiyaning yirik kompaniyalari, moliya institutlari rahbarlari bilan biznes forum va ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Ikki davlat yetakchilari tomonidan Oʻzbekiston – Yaponiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtaruvchi Kelajak avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonot imzolanishi tashrifning asosiy natijasi boʻldi.
Taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, suv resurslari, transport, shaharsozlik, turizm, qishloq xoʻjaligi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohalarida salmoqli kelishuvlar toʻplami qabul qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etib, nutq soʻzladi, ushbu formatdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Sammit yakunida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.
Tashrif doirasida Tokioda sanʼat ustalarining konserti, “Yangi Oʻzbekiston” fotokoʻrgazmasi va hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmasini oʻz ichiga olgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi.
Yaponiyadagi tadbirlar yakunlangach, Oʻzbekiston Prezidenti Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtadigan Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining boʻlajak yigʻilishi va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi yetakchilarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Rossiyaga joʻnab ketdi.
“Xaneda” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Yaponiya Parlamenti deputati Muneo Suzuki, tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Osuru Tesuya va boshqa rasmiylar kuzatib qoʻydi.