Valyuta kurslari 01/08/2025
$1 – 12692.42
UZS – 0,8%
€1 – 14511.24
UZS – -0,24%
₽1 – 158.44
UZS – 3,0%
Qidirish
Iqtisod 02/08/2025 Oʻzbekiston Prezidentiga aeroport va tezyurar yoʻl qurilishi rejalari taqdim etildi

Oʻzbekiston Prezidentiga aeroport va tezyurar yoʻl qurilishi rejalari taqdim etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berildi.

Iqtisodiyot rivojlanib, hayot sur’ati tezlashgani sari transport aloqalariga talab ham oshaveradi. Toshkent shahriga avia yo‘lovchilar oqimi 2030-yilda 15 millionga yetishi kutilmoqda. Lekin bunga hozirgi aeroportning quvvati yetmaydi. Shahar ichida joylashgani sababli uni kengaytirish imkoni ham yo‘q.

Shu bois Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurish rejalashtirilgan. Bugungi kunda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar ushbu yirik loyihaning barcha jihatlari bo‘yicha axborot berdi.

So‘nggi yillarda yo‘l xo‘jaligiga ham katta mablag‘ ajratilib, yangi inshootlar barpo etilmoqda. Avtotransportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida muqobil yo‘llar qurilishi ham loyihalashtirilmoqda. Bu borada investorlarga jozibador muhit yaratish uchun “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Shularga asoslanib, Toshkent bilan Samarqand o‘rtasida muqobil tezyurar yo‘l qurish loyihasiga bir necha hamkor davlatlar kompaniyalari qiziqish bildirgan.

Mutasaddilar ular bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijalari va takliflari haqida hisobot berdi.

Davlatimiz rahbari ushbu strategik infratuzilmalarni puxta o‘ylab loyihalashtirish va tezroq amaliy bosqichga o‘tish zarurligini ta’kidladi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling