Oʻzbekiston Prezidenti Turkiya bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi
Oʻzbekiston Prezidenti Turkiya bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayroqdor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Turkiyaning yetakchi “AKSA” kompaniyasi rahbari Jamil Kazanchi va “Cengiz Energy” kompaniyasi rahbari Ahmet Chingiz ham ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo va investitsiya koʻrsatkichlari, qoʻshma korxonalar soni, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar koʻpaymoqda.
Turkiya kompaniyalarining mamlakatimizdagi samarali faoliyati, ular bilan birgalikda umumiy quvvati 1,8 gigavatt boʻlgan 1 milliard dollarlik zamonaviy elektr stansiyalarini qurish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilgani alohida taʼkidlandi.
Energetika va geologiya sohalarida, shu jumladan, zamonaviy texnologiyalarni mahalliylashtirish, energetika uskunalarini ishlab chiqarish, taqsimlash tarmoqlarini boshqarishni takomillashtirish, istiqbolli konlarni birgalikda oʻzlashtirish va soha uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.