Oʻzbekiston Prezidenti Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi
Oʻzbekiston Prezidenti Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan boshchiligidagi Saudiya Arabistoni kompaniyalari delegatsiyasini qabul qildi.
Tomonlar amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va ustuvor qoʻshma loyihalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston “yashil” energetika sohasining strategik investori hisoblangan “ACWA Power” kompaniyasi bilan samarali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bugun bir nechta qoʻshma loyihalarni ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi: 752 megavatt quvvatga ega 4 ta shamol elektr stansiyasi elektr tarmogʻiga ulandi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Buxoro viloyatida umumiy quvvati 2,3 gigavattni tashkil etadigan 5 ta elektr stansiyasi hamda 300 megavattli energiya saqlash tizimining qurilishi boshlandi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatini Toshkent viloyati bilan va Qoraqalpogʻiston Respublikasini Buxoro viloyati bilan bogʻlaydigan umumiy uzunligi 1790 kilometrlik 500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻini barpo etish boshlandi.
Uchrashuv davomida energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
#Shavkat Mirziyoyev