Oʻzbekiston Prezidenti Iordaniya bilan parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi
Oʻzbekiston Prezidenti Iordaniya bilan parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Senati Raisi Faysal Aqif Misqal al-Fayoz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.
Oʻtgan yili Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Iordaniya keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama aloqalar va almashinuvlar faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo hajmi va qoʻshma korxonalar soni ortib bormoqda.
Parlamentlarda tashkil etilgan “doʻstlik guruhlari” ishini “yoʻl xaritasi” asosida faollashtirish, ularning davlat rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlashdagi rolini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, joriy yilda Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi va yetakchi kompaniyalar biznes forumini natijador qilib oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
#Shavkat Mirziyoyev