Oʻzbekiston Prezidenti ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi
Oʻzbekiston Prezidenti ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish;
moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish;
ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish.
Farmonga ko‘ra, nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash to‘g‘risidagi taklif maʼqullandi.
2027 yildan har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda 1-marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun:
davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi;
ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilganda, oilalar aʼzolariga taqdim etiladigan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilikda belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda beriladi;
nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilar nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etiladi.
homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy taʼlim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan:
kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan taʼlimni davom ettirish imkoni yaratiladi;
talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat beriladi va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga daʼvat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi taklif maʼqullandi.
2026 yil 1 sentyabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimaning 15 foizi bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYO organlari, taʼlim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi.
2026 yil 1 apreldan himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatiladi.
Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslar manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritiladi.
Ushbu jinoyatlar uchun jazoni o‘tayotgan mahkumlar psixologik tuzatish dasturidan o‘tmasdan, saqlash sharoitlarini yengillashtirish amaliyotiga chek qo‘yiladi.
2027 yil 1 yanvardan ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinishi va ko‘rib chiqilishi belgilanadi.
2026 yil 1 sentyabrdan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida tergovchi va sudyalar uchun “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos protsessual jihatlari” maxsus o‘quv dasturi tashkil etiladi.