Valyuta kurslari 10/02/2026
$1 – 12320.34
UZS – 0,14%
€1 – 14614.39
UZS – 0,73%
₽1 – 159.36
UZS – -0,25%
Qidirish
Oʻzbekiston Ombudsmani Parlamentga 2025-yilgi faoliyati boʻyicha hisobot taqdim etdi

Oʻzbekiston Ombudsmani Parlamentga 2025-yilgi faoliyati boʻyicha hisobot taqdim etdi

Oʻzbekiston Ombudsmani Parlamentga 2025-yilgi faoliyati boʻyicha hisobot taqdim etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda dastlab Inson huquqlari bo‘yicha Vakil (ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun bilan Ombudsman faoliyatining institutsional asoslari takomillashtirilib, u har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay Oliy Majlis palatalariga o‘z faoliyati to‘g‘risida ma’ruza taqdim etishi belgilab qo‘yilgan.

Shundan kelib chiqib, Ombudsman 2025-yilda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish, sohaga oid milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish kabi ustuvor vazifalar to‘g‘risida tayyorlangan ma’ruzasini Qonunchilik palatasiga taqdim etdi.

Ma’ruzada keltirilganidek, o‘tgan yil mamlakatimizda inson huquqlari to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi va davlat organlari vakillarining huquqiy ongini hamda xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali mahkumlarni huquqlarini ta’minlash borasida Ombudsmanning o‘rni va roli sezilarli darajada oshdi.

Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, insonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Ombudsman tomonidan qo‘llanilgan ta’sir choralari 2024-yilga nisbatan 7,0 foizga, 2023-yilga nisbatan esa 14,0 foizga oshgan. Ularning ijrosi asosida undirilgan va undirilishi belgilangan mablag‘lar esa qariyb 1,8 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, Ombudsman tomonidan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarga 36 ta taqdimnoma kiritilib, ularning 72,2 foizi ijobiy hal etilgan.

Shuningdek, Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 954 ta monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Buning natijasida jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan samarali nazoratni ta’minlashga erishilgan.

Deputatlar Ombudsmanning 2025-yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etgan ma’ruzasida qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini alohida e’tirof etdilar.

Shu bilan birga, Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etgan ma’ruzasini ijobiy baholab, uning faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolarning yangi tahrirdagi Konstitutsiya va boshqa qonunlarda kafolatlangan huquqlari, erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berdilar.

Majlisda Ombudsman faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirilib, ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling