Oʻzbekiston Netsweeper bilan bolalarni zararli kontentdan himoya qilish masalasini muhokama qildi
Oʻzbekiston Netsweeper bilan bolalarni zararli kontentdan himoya qilish masalasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQShga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Kanadaning Netsweeper kompaniyasi bosh texnik direktori Lou Erdely bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda internet makonida xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan yechimlarni joriy etish, ayniqsa, bolalar va yoshlarni zararli kontentdan himoya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida yoshlar uchun mos kontentni filtrlash tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish, sun’iy intellekt asosida kontentni tasniflash hamda xavfli axborot oqimlarini erta aniqlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari uchun tarmoq darajasida kontentni boshqarish bo‘yicha texnik yechimlar, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlikni ta’minlash va foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilish yuzasidan fikr almashildi.
Tizimlarning shaffof ishlashi, xavfsizlik standartlariga mosligi hamda joriy etish jarayonida tashkilotlar va operatorlar o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, raqamli savodxonlik va kiber madaniyatni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida onlayn xavfsizlikni targ‘ib qilish, amaliy treninglar va ta’lim dasturlarini tashkil etish yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar internet makonidan mas’uliyatli va xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar.