Oʻzbekiston Korea Customs Week'da ishtirok etmoqda
Oʻzbekiston Korea Customs Week'da ishtirok etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Korea Customs Week — Koreya bojxona haftaligining ochilishida ishtirok etdi.
Mazkur tadbir bojxona sohasida ilg‘or tajribalarni almashish, qog‘ozsiz savdoni rivojlantirish hamda global savdo muhitini shakllantirish masalalari muhokamasi uchun nufuzli xalqaro platforma hisoblanadi.
Global savdo ekotizimini takomillashtirish mavzusiga bag‘ishlangan bu galgi haftalikda Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir qatorda Kambodja, Gonkong, Indoneziya, Laos va Filippin davlatlari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Seminar doirasidagi panel sessiyalarida raqamli savdo ekotizimi, “Yagona oyna” axborot tizimlari, qog‘ozsiz savdo, sunʼiy intellekt va Big Data orqali xavflarni boshqarish yo‘nalishlari muhokama qilinadi.
Seminarning ochilishida so‘z olar ekan, Bojxona qo‘mitasi Raisi bugungi kunda butun dunyo bojxona xizmatlari tashqi savdoning o‘sishi, raqamli transformatsiya va xalqaro savdoning yangi shakllari rivojlanishi bilan bog‘liq shiddatli o‘zgarishlar davrida faoliyat yuritayotganini taʼkidladi.
Shu boisdan O‘zbekistonda ham bojxona jarayonlarini raqamlashtirish eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatda zamonaviy axborot tizimlari joriy etildi, deklaratsiyalash jarayoni to‘liq raqamlashtirildi, xavflarni boshqarish va oldindan xabardor qilish tizimlari faol rivojlantirilmoqda.
Bu chora-tadbirlar rasmiylashtiruv vaqtini sezilarli darajada qisqartirish, jarayonlar shaffofligini oshirish va biznes uchun maʼmuriy yukni kamaytirish imkonini berdi.
Haftalikda O‘zbekiston bojxona xizmati vakillari transchegaraviy elektron tijorat sohasidagi muammolar va ularning yechimlari mavzusida taqdimot qilishdi. Taqdimotni hozirda Koreyaning Xanyang universitetida tahsil olayotgan Bojxona qo‘mitasi xodimi J.Minavarov amalga oshirdi.
Dunyo bo‘ylab elektron tijorat rivojlanar ekan, xalqaro jo‘natmalar soni keskin oshdi. Bunda jo‘natmalar hajman kichik va tez-tez yuborilayotganini shuni anglatadiki, elektron tijorat allaqachon kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi.
Bunday vaziyatda bojxona organlarining roli ham o‘zgarmoqda. Bugungi kunda nafaqat nazoratni taʼminlash, balki tezkorlik, aniqlik va raqamli yechimlar asosiy o‘ringa chiqadigan yangi savdo modeliga moslashish juda muhimdir.
Taqdimotda bu borada O‘zbekiston tajribasi namoyish etildi. Jo‘natmalarning bojxona nazoratida yaqinda joriy qilingan xavflarni boshqarish tizimi bo‘yicha milliy tajriba va yondashuvlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Haftalik doirasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham nazarda tutilgan.