Valyuta kurslari 06/11/2025
$1 – 11970.67
UZS – 0,17%
€1 – 13748.31
UZS – 0,03%
₽1 – 147.59
UZS – -0,07%
Qidirish
Oʻzbekiston JST bilan xususiylashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Oʻzbekiston JST bilan xususiylashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Oʻzbekiston JST bilan xususiylashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 4-noyabr kuni Jeneva shahridagi Jahon savdo tashkiloti (JST) shtab-kvartirasida “Oʻzbekistonning iqtisodiy islohotlari va JSTga aʼzo boʻlish jarayonini qoʻllab-quvvatlash: xususiy sektorni rivojlantirish va davlat rolini qayta belgilash” mavzusida xalqaro seminar boʻlib oʻtdi.

Tadbir JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi oldidan tashkil etildi. 

Seminarda Davlat aktivlari agentligi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki vakillari va qator xalqaro ekspertlar ishtirok etib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan barqaror va izchil iqtisodiy islohotlar natijalari muhokama qilindi.

Davlat aktivlari agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev oʻz chiqishida xususiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish va jadallashtirish borasida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, ularning natijalari, davlat aktivlarini sotish jarayonlari toʻliq ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirilayotganligi, investorlar uchun teng va sogʻlom raqobatga asoslangan shart-sharoitlar yaratilganligi toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

2021-yildan buyon xususiylashtirish jarayonlari xalqaro moliya institutlari va strategik hamkorlar bilan yaqin hamjihatlikda olib borilmoqda. Natijada “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida” hamda “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilinib, davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish sohasidagi huquqiy baza eng ilgʻor xorijiy tajriba asosida zamonaviy talablarga mos ravishda takomillashtirildi. Bu esa shaffoflik, hisobdorlik va raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

“Bizning vazifamiz davlat aktivlarini samarali boshqarish orqali ularning qiymatini oshirish va muvaffaqiyatli xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish asosida iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish orqali xususiy sektor uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iborat”, — deya taʼkidladi Alisher Miraliyev.

Jahon banki vakili oʻz maʼruzasida 2017-yildan buyon amalga oshirilayotgan iqtisodiy yangilanishlar natijasida Oʻzbekiston barqaror oʻsish va raqobatbardoshlik yoʻliga qadam qoʻyganini taʼkidladi. Shuningdek, mamlakat soʻnggi sakkiz yil ichida dunyodagi eng tez islohotchi davlatlardan biri sifatida eʼtirof etilgani qayd etildi.

“Davlat ishtirokidagi korxonalar islohotini chuqurlashtirish va xususiy sektor uchun teng imkoniyat yaratish mamlakatning iqtisodiy oʻsishi va JSTga samarali integratsiyasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega,” — dedi Jahon banki vakili.

Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya oʻz maʼruzasida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston davlat sektoriga tayanadigan iqtisodiyotdan raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga izchil oʻtmoqda va JSTga aʼzo boʻlish bu jarayonni yangi bosqichga olib chiqadi.

“Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi tuzilmaviy oʻzgarishlarning markazida turibdi. Har bir xususiylashtirilgan korxona tadbirkorlik va innovatsiya uchun yangi imkoniyat yaratadi,” — dedi Kanokpan Lao-Araya.

Tadbirda qayd etilganidek, 2021–2025 yillarga moʻljallangan “Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi” doirasida tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Strategiya doirasida davlat ishtirokidagi korxonalar soni 67 foizga kamaydi. Bu iqtisodiyot sektorlarida davlat ishtirokining qisqarishi va xususiy sektor ulushining ortishiga xizmat qilmoqda.

Xalqaro ekspertlar fikricha, xususiylashtirish sohasidagi islohotlar faqat iqtisodiy emas, balki institutsional barqarorlik va investorlar ishonchini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro maydonda nufuzini oshirish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling