Oʻzbekiston Jahon banki va Xalqaro taraqqiyot agentligidan qoʻshimcha yordam oladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘tgan hafta Jahon bankining rivojlanish maqsadlarida moliyalashtirish masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Akihiko Nishioning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
O‘z lavozimida u Jahon bankining moliyaviy resurslarini safarbar etish, jumladan, Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) mablag‘larini boshqarish uchun mas’uldir. XTA past daromadli mamlakatlarga imtiyozli moliyalashtirish va grantlar taqdim etadi.
O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida XTA moliyaviy ko‘magining eng yirik oluvchilaridan biridir. Hozirda hukumat tomonidan Jahon banki ko‘magida iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan 25 ta loyiha umumiy qiymati qariyb 5 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Ularning 70 foizdan ortig‘i XTAning imtiyozli kreditlari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Najy Benhassine hamrohligida Akihiko Nishio O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Kuchkarov bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekistonda XTA tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning amalga oshirilish jarayonini, shuningdek, hukumatning iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilma dasturlarini amalga oshirishda Jahon bankining keyingi yordamini muhokama qildilar.
Akihiko Nishio, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdi. Unda turli vazirlik va idoralar vakillari qatnashdilar.
Ishtirokchilar XTAning imtiyozli moliyalashtiruvi turli mamlakatlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ko‘rsatgan ijobiy ta’sirini, shuningdek, XTAning O‘zbekiston bilan ushbu sohadagi hamkorligini yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.