Oʻzbekiston Iqtisodiyot va Moliya vazirligi faoliyatiga ClickUp AI platformasini joriy etmoqda
Oʻzbekiston Iqtisodiyot va Moliya vazirligi faoliyatiga ClickUp AI platformasini joriy etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-19-dekabr kunlari Iqtisodiyot va moliya vazirligida Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB)ning sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari asosida raqamli transformatsiya loyihasi doirasida vazirlik faoliyatiga “ClickUp” platformasini joriy qilish masalasiga bag‘ishlangan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir OTB bilan hamkorlikda tashkil etilib, seminar-treningda Iqtisodiyot va moliya vaziri birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazirlikning tegishli departament va mustaqil boshqarmalari xodimlari hamda xorijiy ekspertlar, jumladan, OTB kosultanti Naveed Zafar Durrani va Digibeacon kompaniyasining malakali mutaxassislari — Pascual Rita Mirasol, Dacula Bethel hamda Bugante Heherson Lacuin ishtirok etishdi.
Seminar-trening davomida xorijiy ekspertlar tomonidan vazirlik faoliyatiga “ClickUp” platformasini joriy etishning afzalliklari atroflicha yoritilib, sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan zamonaviy funksiyalari bo‘yicha batafsil ma’lumot va tushuntirishlar berildi.
Bgungi kunda “ClickUp” platformasi Google, Nvidia, Samsung va Siemens kabi katta kompaniyalar tomonidan samarali qo‘llanilib kelinmoqda. Mazkur platforma o‘zining raqamli imkoniyatlari, jumladan, 24/7 rejimida murakkab vazifalarni tahlil qiluvchi “Brain AGENT” intellektual yordamchisi hamda Claude, OpenAI va Gemini kabi ilg‘or sun’iy intellekt tizimlarini yagona muhitda birlashtirgan “Universal AI” funksiyasi bilan ajralib turadi.
Shuningdek, seminar-trening yakunida ushbu platformaning raqamli imkoniyatlarini vazirlik faoliyatiga to‘liq joriy etish hamda kelgusida shu kabi seminar-treninglarni tashkil etib borish yuzasidan kelishuvga erishildi.