Oʻzbekiston investitsiya vaziri BlackRock bilan investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston investitsiya vaziri BlackRock bilan investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov BlackRock guruhiga kiruvchi GIP kompaniyasining hamkori, kapital jalb etish yo‘nalishi bo‘yicha global rahbari hamda ijroiya qo‘mitasi a’zosi Erik Varvel bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va yetakchi xalqaro moliya-investitsiya tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga uzoq muddatli kapital jalb etishning ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan sanoat, energetika, infratuzilma va barqaror rivojlanish sohalaridagi yirik loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirildi.
Shuningdek, global institutsional investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, loyihaviy moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda qulay va ishonchli investitsiya muhitini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.