Oʻzbekiston ijtimoiy himoya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qatar davlatida bo‘lib o‘tgan Xalqaro sammit doirasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining o‘rinbosari U.Sharifxodjayev ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan qator muzokaralar olib bordi.
Kunning birinchi qismida BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich xonim bilan uchrashuv o‘tkazildi. Suhbat davomida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Mamlakat dasturi, Jahon bankining “Inson” loyihasi hamda “Vision-2030” tashabbusiga ijtimoiy yo‘nalishlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, Xorvatiya Mehnat, pensiya tizimi, oila va ijtimoiy siyosat vazirining maslahatchisi Ivan Vidish bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ijtimoiy dasturlarni integratsiya qilish, kunduzgi parvarish va hamrohlik xizmatlarini kengaytirish, ijtimoiy sug‘urta mexanizmlarini takomillashtirish kabi yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligining Insonparvarlik yordami va barqaror rivojlanish departamenti direktori Lora Bofils bilan muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda tomonlar bolalar huquqlarini himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash va inklyuziv ta’limni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.
Ushbu uchrashuvlar ijtimoiy himoya tizimini modernizatsiya qilish, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish hamda aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.