Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Seulda boʻlib oʻtgan Xalqaro politsiya sammitida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda mazkur sohadagi hamkorlikni takomillashtirish masalalarini muhokama qilish maqsadida joriy yilning 21-23-oktyabr kunlari Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi tomonidan Seulda tashkil etilgan beshinchi Xalqaro politsiya sammitida ishtirok etdi.
Politsiya organlari oʻrtasida anʼanaviy tarzda tashkil etib kelinadigan eng yirik tadbirlardan biri boʻlgan mazkur sammitda 30 dan ortiq xorijiy davlatning 90 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.
Sammit ishtirokchilari, hozirda dunyoda roʻy berayotgan tahlikali jarayonlarda politsiyaga oid istiqboldagi yoʻnalishlarni belgilash, raqamli transformatsiya davrida kelajakdagi politsiya faoliyatidagi muammolarni aniqlash hamda ularga hamohang ravishda innovatsion siyosat va qarashlarni muhokama qilish, dunyo politsiya hamjamiyati bilan oʻzaro ikki va koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirish hamda kelgusida jamiyat uchun mos keladigan politsiya strategiyasini yaratish uchun integratsiyalashgan gʻoyalarni ishlab chiqishga qaratdilar.
Shuningdek, Sammit doirasida Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov Milliy politsiya agentligi Bosh komissari vazifasini bajaruvchi Yu Je Song janoblari bilan muzokara oʻtkazdi. Muloqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi oʻrtasidagi aloqalarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, shuningdek oʻzaro tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash kabi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan Sammit doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi Koreya hamda boshqa hamkor davlatlarning politsiya organlari bilan aloqalarni mustahkamlash borasida tegishli vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, mamlakatimiz delegatlari, tadbir doirasida tashkil etilgan Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi tashkil topganining 80-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirda qatnashdilar.
Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi “Korea Police world Expo–2025” koʻrgazmasiga ham tashrif buyurib, koʻrgazma doirasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlinmalarning faoliyati, zamonaviy axborot texnologiyalari hamda politsiya sohasida joriy etilgan ilgʻor innovatsiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif jarayonida delegatsiya aʼzolari Koreya Milliy politsiya universiteti faoliyatini oʻrgandilar, Koreya politsiyasiga kadrlar tayyorlash, oʻquv va malaka oshirish tizimi, shuningdek sohaga oid ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashildi.
Koreya politsiyasining tajribasini oʻrganish maqsadida mamlakatimiz delegatsiyasi Seul shahar politsiya agentligi Aviatsiya boʻlinmasi faoliyati bilan tanishdilar. Mazkur boʻlinma jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni taʼminlash hamda favqulodda vaziyatlarda dronlar, politsiya vertolyotlari va boshqa aviatsiya vositalarini qoʻllash bilan shugʻullanishini inobatga olib, mazkur sohada tajriba almashish muhim ahamiyatga ega.
Ushbu tadbirlar jahon politsiya tashkilotlari oʻrtasida tajriba almashish, innovatsion yondashuvlarni oʻrganish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.