Valyuta kurslari 30/12/2025
$1 – 12025.33
UZS – -0,27%
€1 – 14162.23
UZS – -0,21%
₽1 – 155.25
UZS – 0,06%
Qidirish
Oʻzbekiston global B-Ready 2025 hisobotida yuqori natijalarni koʻrsatmoqda

Oʻzbekiston global B-Ready 2025 hisobotida yuqori natijalarni koʻrsatmoqda

Oʻzbekiston global B-Ready 2025 hisobotida yuqori natijalarni koʻrsatmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon banki guruhi tomonidan mamlakatlarda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini baholashga qaratilgan yangi global tashabbus — “Business Ready” (B-Ready) hisobotining navbatdagi natijalari eʼlon qilindi.

B-Ready hisoboti mamlakatlarni toʻrtta bosqichdan iborat ketma-ketlikda 100 ballik tizimda baholab, 2027-yilga kelib jami 179 ta mamlakatlarni qamrab oladi.

Maʼlumot uchun, birinchi bosqichda (2024-yil) 50 ta, ikkinchida (2025-yil) – 51 ta (Oʻzbekiston Respublikasi ushbu bosqich doirasida oʻrganilgan), uchinchida (2026-yil) – 63 ta va toʻrtinchi bosqichda (2027-yil) qolgan 15 ta mamlakatlar baholanadi.

Joriy yilda eʼlon qilingan B-Ready – 2025 hisobotida 101 ta mamlakatdagi biznes yuritish sharoitlari baholangan boʻlib, jumladan Oʻzbekiston Respublikasining 3 ta yoʻnalish va 10 ta indikator boʻyicha koʻrsatkichlari ilk marotaba eʼlon qilindi.

Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi amaliyotning osonligi (71,80 ball) boʻyicha 1-guruh (80–100 foiz, yuqori daraja), normativ-huquqiy baza (69,52 ball) va davlat xizmatlari (65,12 ball) boʻyicha esa 2-guruh (60–80 foiz, oʻrtadan yuqori) mamlakatlari qatoridan joy oldi.

Mamlakatimiz Biznes ochish indikatori boʻyicha 1-guruhga, 7 ta indikator boʻyicha (Biznesni joylashtirish, Kommunal xizmatlar, Mehnat resurslari, Moliyaviy xizmatlar, Xalqaro savdo, Soliqqa tortish, Nizolarni hal qilish) – 2-guruhga, shuningdek, Bozor raqobati va Biznesning toʻlovga qobiliyatsizligi indikatorlari boʻyicha esa 3-guruhga kiritilgan.

Har bir yoʻnalish va indikatorlar boʻyicha koʻrsatkichlar beshta guruhga (kvintillarga) ajratilgan holda shakllantiriladi.

Umuman, bu yilgi hisobotda Chexiya (normativ-huquqiy baza – 80,73 ball), Koreya Respublikasi (davlat xizmatlari – 80,22 ball) va Singapur (amaliyotning samaradorligi – 79,25 ball) eng yuqori natijani qayd etgan.

B-Ready hisoboti biznes yuritish qulayligini avvalgi baholash mexanizmlariga nisbatan kengroq, chuqurroq va biznes hamjamiyati bilan bevosita muloqot qilish orqali amaliyotdagi biznes jarayonlarni oʻrganishga qaratilgan.

B-Ready hisoboti dunyoning deyarli barcha mintaqalari — Sahroi Kabirdan janubiy Afrika, Yevropa va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Karib havzasi, IHTT (OECD)ga a’zo yuqori daromadli mamlakatlar hamda Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasini qamrab olgan boʻlib, bu esa oʻz navbatida qiyosiy tahlilni amalga oshirish imkoniyatini beradi.

Toʻplangan maʼlumotlarni muntazam yangilab borish maqsadida Jahon banki har uch yilda Enterprise Surveys loyihasi orqali tadbirkorlar bilan intervyular oʻtkazadi, shuningdek, har yili bevosita biznes vakillari, ekspertlar va masʼul davlat organlari oʻrtasida soʻrovnomalar toʻldirilishini tashkil etadi.

Har bir yoʻnalishda raqamli texnologiyalardan foydalanish, ekologik barqarorlik va gender inklyuzivlik omillari ham inobatga olinadi.

B-Ready hisoboti metodologiyasi 2024–2027-yillarda bosqichma-bosqich takomillashtirilayotgan boʻlib, har yili (Methodology Handbook) yangilanib eʼlon qilinmoqda. Bu esa mamlakatlar oʻrtasida xolis va solishtirma tahlil oʻtkazilishini taʼminlaydi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling