Oʻzbekiston farmatsevtika sanoatini xitoylik investorlar bilan hamkorlikda rivojlantirmoqda
Oʻzbekiston farmatsevtika sanoatini xitoylik investorlar bilan hamkorlikda rivojlantirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Xitoy Xalq Respublikasining «Triumph Junheng» kompaniyasi direktori o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mamlakatda farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Xususan, «Tashkent Pharma Park» - (Bio Pharma City) innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, ishlab chiqarish maydonlarini shakllantirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va taʼlim yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, xorijiy investorlar uchun nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari, maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirish hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan institutsional qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Xitoy tomoni O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini rivojlantirishga qaratilgan tizimli yondashuv va erishilayotgan amaliy natijalarni yuqori baholab, mamlakatni ishlab chiqarishni tashkil etish va mahsulotlarni mahalliylashtirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rayotganini taʼkidladi.