Oʻzbekiston farmatsevtika agentligi rahbari Turkiyaning Ritim Technologies kompaniyasi bilan muzokaralar olib bordi
Oʻzbekiston farmatsevtika agentligi rahbari Turkiyaning Ritim Technologies kompaniyasi bilan muzokaralar olib bordi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Turkiya Respublikasiga xizmat safari doirasida navbatdagi uchrashuv "Ritim Technologies" kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kompaniya elektron platalar hamda tibbiy uskunalar, jumladan avtomatik defibrillyatorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, SMT va THT montaji yo‘nalishida yuqori aniqlik va sifat standartlari asosida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, kompaniya Turkiya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilgan shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator loyihalarda ishtirok etgan.
Uchrashuv davomida farmatsevtika va tibbiy uskunalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, “Eryig‘it Technologies for Life” kompaniyasi bilan biotexnologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yangi mahsulotlarni ishlab chiqish masalalari yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi.