Valyuta kurslari 27/11/2025
$1 – 11881.60
UZS – -0,46%
€1 – 13749.39
UZS – -0,14%
₽1 – 151.05
UZS – -0,34%
Qidirish
Oʻzbekiston elchisi Bangladesh Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Oʻzbekiston elchisi Bangladesh Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Oʻzbekiston elchisi Bangladesh Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekistonning Bangladesh Xalq Respublikasidagi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat Prezidenti Muhammad Shahobuddinga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tantanali marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Muhammad Shahobuddin Oʻzbekistonni Bangladeshning Markaziy Osiyodagi asosiy mintaqaviy sherigi va ishonchli doʻsti deb atadi. Soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar va izchil tashabbuslar tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-e'tibori va imiji yuksalib borayotganini alohida ta'kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda Bangladesh hukumatining mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratayotgani bildirildi.

Toʻqimachilik, farmatsevtika va charm sanoati kabi sohalarda sheriklik uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi. Bangladesh tomoni ushbu yoʻnalishlarda tajriba almashish va yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini ma'lum qildi.

Muloqot chogʻida madaniy-gumanitar, xususan, turizm va oliy ta'lim sohalaridagi sheriklikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi.

Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 15-oktyabrda oʻrnatilgan.

Oʻzbekistonning yangi elchisi Sardor Rustamboyev 2024-yil yanvar oyida Dehliga kelgan edi. Bungacha u mamlakatimizning Fransiya va Portugaliyadagi diplomatik missiyasiga rahbarlik qilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling