Oʻzbekiston delegatsiyasi Vitebsk viloyatidagi Belarus chorvachilik fermalarini koʻzdan kechirdi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Vitebsk viloyatidagi Belarus chorvachilik fermalarini koʻzdan kechirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Belarus Respublikasiga amalga oshirilgan tashrif doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Vitebsk viloyatidagi bir qator chorvachilik komplekslari faoliyati bilan tanishdi. Jumladan, Vitebsk shahriga qarashli 3 ta tumanda joylashgan yirik chorvachilik xo‘jaliklariga tashrif buyurildi.
Tashrif davomida komplekslarning ishlab chiqarish quvvati, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan infratuzilmasi, ozuqa bazasi hamda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi.
Uchrashuvlar chog‘ida umumiy maydoni qariyb 20 ming gektarni tashkil etuvchi ozuqa bazasi va 4 mingga yaqin chorvachilik komplekslari negizida O‘zbekiston chorvachilik korxonalari bilan go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Maʼlumot o‘rnida, Belarus chorvachilik sohasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2025 yilning 9 oyi davomida Belarus universal tovar birjasi (BUTB) orqali 42 ming tonna go‘sht mahsulotlari sotilib, ularning umumiy qiymati 200 million dollaridan ortiqni tashkil etdi.
Shu bilan birga, mamlakatda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ham yuqori darajada saqlanmoqda. Xususan, 9 million tonnadan ortiq sut, 1 million tonnadan ziyod go‘sht (tirik vaznda mol va parranda) hamda 2,2 milliard donadan ortiq tuxum yetishtirilgan.
Tomonlar mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida O‘zbekistonda chorvachilik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini ham ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, bu kabi qo‘shma tashabbuslar ikki davlat o‘rtasida agrosanoat sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yuqori sifatli chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi.