Oʻzbekiston AGRINOZE kompaniyasining talabga binoan suv taʼminoti tizimini sinovdan oʻtkazmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Dunyo bo'ylab deyarli har o'n kishidan biri yetarli darajada oziq-ovqatga ega emas va 3,1 milliard odam o’zini sog'lom va to'yimli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qurbi yetmaydi. So'nggi o'n yil ichida oziq-ovqat mahsulotlari narxi yiliga taxminan 20 foizga, o'g'itlar narxi esa ba'zi hududlarda 300 foizgacha ko'tarilib ketdi. Iqlim o‘zgarishi sababli yanada chuqurlashib borayotgan kuchli qurg‘oqchilik va suv tanqisligi vaziyatni borgan sari og’irlashtirmoqda.
Jahon Resurslari Instituti hisob-kitoblariga ko'ra, 2050 yilga borib biz ko'proq yerdan foydalanmasdan 50 foiz ko'proq oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishimiz kerak bo’ladi. Ushbu maqsadga erishish va global oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va atrof-muhitni boshqarish sohasida tub, keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirishni talab qiladi.
Qimmatbaho resurslardan bunday isrofgarchilik bilan foydalanishga qarshi kurashish uchun Isroilning AGRINOZE kompaniyasi barqaror tomchilatib sug‘orish bo‘yicha kompleks yechim ishlab chiqdi va bu O‘zbekistonda allaqachon joriy etilgan va qo‘llanilmoqda.
AGRINOZE kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori Erez Faitning ta'kidlashicha, global agro-oziq-ovqat tizimi uzoq vaqt davomida suv va o'g'itlarni isrof qiladigan va maydon birligidan hosilni maksimal darajada oshira olmaydigan "eskirgan etishtirish usullariga" tayanib kelgan edi. Ushbu usullar real vaqtdagi ma'lumotlardan ko'ra ko’proq o'simlik ehtiyojlari haqidagi taxminlarga tayanadi. Demak, sug’orish fermerlar tomonidan ko‘pincha noto‘g‘ri vaqtda, noto‘g‘ri joyda va o’simliklarning real ehtiyojlariga mos kelmaidigan tarzda amalga oshiriladi, deydi u.
Bu quyidagicha ishlaydi: Real vaqt rejimida ishlaydigan sensorlar tuproqqa va ekinlarning ildiz zonasiga joylashtiriladi. Ushbu sensorlar suv, tuproq va iqlim sharoitlarini real vaqt rejimida o'lchaydi va ular to’g’risidagi ma'lumotlarni mashinali o’qitish algoritmiga uzatadi, u esa har qanday berilgan dala uchun optimal sug'orish nuqtasini topadi. Uskunalar, ya’ni o’sha yerda joylashgan sug'orishni boshqarish markazi keyin drenajsiz tomchilatib sug'orish liniyalari orqali dala bo'ylab suv va o'g'itlarning taqsimlanishini boshqaradi. AGRINOZE bunday sug’orishni "sub talabga ko’ra" deb ataydi - amalda bu o'simliklarga kerakli narsani kerakli vaqtda yetkazib berishdir. Usul butun dunyo bo'ylab 150 dan ortiq fermerlar tomonidan sinovdan o'tkazildi. Faitning ta'kidlashicha, bu usul muntazam ravishda 30-60 foiz kamroq suv ishlatilgan va ba'zi hollarda esa umuman o'g'it ishlatilmagan holda hosildorlikning 300 foizga oshishiga olib keldi.
"Aniq sug'orish ekinlarni yetishtirish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi va moliyaviy harajatlarni tejaydi, shu bilan birga ishlab chiqarishni oshiradi", - deydi Fait. "Bir qarashda bu texnologiyalar qimmatli tuyulsa-da, fermerlar uzoq muddatli istiqbolda juda katta tejashga erishadilar. Ular hosildorlikni oshirish evaziga ko’proq daromad oladilar va suv va o'g'itlarga bo'lgan ehtiyojni kamaytirish tufayli ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradilar".
Ayni damda rekord darajadagi ko‘p yillik qurg‘oqchilikni boshidan kechirayotgan Kaliforniyada AGRINOZE o‘z yechimini dunyodagi eng ko‘p suv talab qiladigan ekinlar bo‘lgan bodom va uzum plantatsiyalarida qo‘lladi. Sinov davrida AGRINOZE qoʻllanilgan dalalarda 65 foiz kam suv sarflandi va oʻgʻit ishlatilmadi, shu bilan birga aynan shunday, ayrim hollarda yaxshiroq hosildorlik taʼminlandi.
Isroil va O‘zbekiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi hamda Isroil texnologiyalari va tomchilatib sug‘orish tizimlaridan foydalanish sohasidagi hamkorlik bir necha o‘n yillar davomida rivojlanib bormoqda. Tomchilatib sug'orishning ko'plab afzalliklari O'zbekistonda keng ma'lum va hamma yerda faol joriy etilmoqda.
Isroil tajribasi, ayniqsa, hududining 80 foizidan ortig‘i cho‘ldan iborat bo’lgan, yer osti suvlari juda sho‘rlangan, Orol dengizi fojiasining ekologik oqibatlari suv tanqisligi va tuproq degradatsiyasini kuchaytirgan Qoraqalpog‘iston uchun juda qimmatli bo’lib chiqdi.
Isroilning AGRINOZE kompaniyasining sun’iy intellekt va tabiat qonunlariga asoslangan innovatsion usullari hozirda test rejimida O‘zbekistonning turli hududlarida faol qo‘llanilmoqda. Misol uchun, Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanida Sholichilik institutidagi ikki gektar tajriba uchastkasida o‘g‘itlar umuman ishlatilmagan hamda hosildorlikni saqlab qolgan holda suv sarfi ikki baravar kamaytirildi.
Kelgusi yilda pilot loyihani 10 gektarga kengaytirish va ekish zichligini oshirish rejalashtirilmoqda, bu esa hosildorlikni oshirishga imkon beradi.
Ushbu innovatsion usulda o’simliklar to'g'ri sug'oriladigan bo'lsa, ularning tabiiy qobiliyati - avval o'g'it sifatida tuproqqa qo'shilgan barcha zarur kimyoviy elementlarni mustaqil ravishda ishlab chiqarish qobiliyatidan foydalaniladi. Dalalarga o'rnatilgan sensorlar namlik to’g’risidagi va boshqa ma'lumotlarni to'g'ri miqdordagi suvni to'g'ridan-to'g'ri o'simlik ildizlariga yetkazib berish uchun sun'iy intellektdan foydalanadigan tizimga uzatadi. Bu nafaqat suvdan foydalanishni ikki baravar kamaytiradi, balki begona o'tlarning ko'payishiga imkon bermaydi, bu esa nafaqat pul mablag’larini tejaydi va o'simliklarning o'sishini, ularning holatini kuzatib borishga imkon beradi. Tizim o'zi o’rganuvchi hisoblanadi, u sensorlar ma'lumotlaridan foydalanib, inson aralashuvisiz o'simliklarni qancha miqdorda va qachon sug'orish kerakligini aniqlaydi va qanday natijalarga: begona o'tlarga yoki ob-havo sharoitlariga chidamliligini oshirish, sho'rlangan tuproqlarda o'simliklarning omon qolishi, hosildorlikni oshirish yoki suv sarfini kamaytirish va hokazolarga erishish kerakligiga asoslanib, suv oqimini tartibga soladi.
Ushbu texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish istiqbolli natijalar beradi va ulardan nafaqat ekinlarni yetishtirish va oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini hal etishda, balki cho‘llanishga qarshi kurashish jarayonida, qurigan Orol dengizi tubida o‘rmonlarni o’stirishda, ekologik ofatlarga qarshi kurashishda foydalanish mumkin bo’ladi.
Ulkan qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil yerlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston suv resurslarini samarali boshqarish borasida tobora kuchayib borayotgan muammolarga duch kelmoqda. Qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston suvining qariyb 90 foizini isteʼmol qiladi, biroq bu suvning katta qismi ochiq kanallar va bostirib sugʻorish kabi samarasiz sugʻorish tizimlari tufayli yoʻqotiladi. Shu nuqtai nazardan, Isroilning zamonaviy sug'orish texnologiyalarini joriy etish suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, ekinlar hosildorligini oshirish va qishloq xo'jaligining barqaror rivojlanishini ta'minlash uchun muhim imkoniyatdir.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Isroilning sug‘orish texnologiyalarini joriy etish O‘zbekiston uchun nafaqat texnik modernizatsiyadir, balki suv resurslari kelajagini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotini mustahkamlash, kelajak avlodlar uchun barqaror o‘sishga yordam berish yo‘lidagi strategik qadamdir.